«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» premyera kunlarida $100 mln dan oshishi mumkin
Film Shimoliy Amerikadagi 3 900 ta kinoteatrda namoyish etila boshlandi. Lionsgate dastlabki tushum kamida $80 mln boʻlishini kutmoqda, manbalar esa $100 mln dan oshib, $130 mln gacha yetishini prognoz qilmoqda.

Lionsgate franshizaning yangi filmi kuchli natija bilan boshlanishiga umid qilmoqda. Kartinaning ishlab chiqarish budjeti taxminan $150 mln deb baholanmoqda.
«Hosil tongi» filmini Syuzanna Kollinz romanining prequel asari asosida Frensis Lourens suratga olgan. Bosh qahramon Heymitch Abernathini Jozef Zada ijro etdi; avvalgi filmlarda bu obrazni Vudi Xarrelson gavdalantirgan. Aktyorlar tarkibidan Makkenna Greys, Uitni Pik, Jessi Plemons, Reyf Fayns, Glenn Klouz, Elle Fanning va Kiran Kalkin ham joy olgan.
Voqealar Panemda 50-Ochlik oʻyinlari ishtirokchilarini qurʼa orqali tanlash paytida kechadi. Film dastlabki tushum boʻyicha 2023 yilda chiqqan «Ochlik oʻyinlari: Sayroqi qushlar va ilonlar balladasi» prequelidan ancha oʻzib ketishi kutilmoqda.
Analitik Pol Dergarabedyan Grand Theft Auto VI relizi tomoshabinlarning bir qismini uyda qolishga undashi mumkin, deb hisoblaydi. Biroq bu film kassasiga jiddiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak: har ikki premyera muxlislarida filmni koʻrish va oʻyin oʻynashga ulgurish uchun butun bir dam olish kunlari boʻladi.





