Hanifa sakkiz oylik tanaffusdan soʻng yangi kolleksiya bilan faoliyatini qayta boshlamoqda
Brend asoschisi Anifa Mvuemba ishlab chiqarish, logistika va xaridorlar bilan ishlash yondashuvini oʻzgartirib, biznesni qayta yoʻlga qoʻymoqda.

Amerikaning Hanifa moda brendi faoliyatini toʻxtatganidan sakkiz oydan koʻproq vaqt oʻtib, bozorga qaytmoqda. Kompaniya asoschisi Anifa Mvuemba yangi kolleksiya va qayta koʻrib chiqilgan biznes modelini taqdim etdi.
Kolleksiyadan patli bezaklarga ega modellar ham kirgan yorqin kechki koʻylaklar, shuningdek, kundalik kiyimlar — sport shimlari, bomber kurtkalar va mashhur Harper koʻylagining yangilangan varianti oʻrin olgan. Dizayner materiallar, bichim va trikotaj mato sifatiga ham alohida eʼtibor qaratdi.
Brenddagi tanaffus oʻtgan yil noyabrida Hanifa Friday yillik chegirmalar aksiyasi vaqtida rasmiylashtirilgan buyurtmalarni bajarish bilan bogʻliq muammolardan keyin boshlandi. Ishlab chiqarishdagi kechikishlar va taʼminotdagi qiyinchiliklar sabab xaridorlar buyurtmalarini oylar davomida ololmay, ular bilan qayta aloqa yoʻqligidan shikoyat qildi. Mvuemba mart oyida mijozlardan uzr soʻrab, faoliyatni vaqtincha toʻxtatishini eʼlon qildi.
Endilikda Hanifa oldindan buyurtma berish modelidan joʻnatishga tayyor mahsulotlar modeliga oʻtmoqda. Kompaniya yangi kolleksiyaning toʻliq ishlab chiqarilishiga oldindan mablagʻ kiritdi, shuningdek, mijozlarni qoʻllab-quvvatlash va logistika xizmatlarini yangiladi. Kelgusida brend mahsulot chiqarishni rejalashtirish uchun savdo maʼlumotlaridan foydalanmoqchi.
Mvuembaning asosiy maqsadi — xaridorlar ishonchini tiklash va Hanifani asta-sekin xalqaro auditoriyaga ega toʻlaqonli tayyor kiyimlar brendiga aylantirish. Kelgusi yilgi rejalar qatorida poyabzal va ustki kiyimlar assortimentini kengaytirish ham bor.





